“Atrof muhit va inson salomatligi” mutaxassisligi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Atrof muhit gigiyenasi kafedrasi xodimlari siz azizlarni kafedramizdagi magistratura bo‘yicha 5A510302 – “Atrof muhit va inson salomatligi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga taklif qiladi! 2016 yildan kafedra Koreya universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. O‘zR Prezidentining 2017 yil 5 maydagi 2951-sonli “2017/2018 o‘quv yilida O‘zRsining OTMlariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 2017-2018 o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasida Atrof muhit gigiyenasi kafedrasi Koreya Universiteti bilan hamkorlikda “Atrof muhit va inson salomatligi” magistratura yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash amalga oshirilmoqda. Magistratura mutaxassisligida ta’lim davomiyligi 2 yil.

“Atrof muhit va inson salomatligi” magistratura mutaxassisligida Tibbiy profilaktika fakultetini bitirgan talabalar tahsil olishlari mumkin.

Bizning kafedra Toshkent tibbiyot akademiyasidagi yetakchi (15 nafar pedagoglar) va ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan kafedralardan biridir.

Seminar mashg‘ulotlari va rotatsiyalar quyidagi bazalarda olib boriladi:

– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida;

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasida;

-Toshkent shahar sanitar-epidemiologik agentligi va Davlat sanitar-epidemiologik inspeksiyasining Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasida;

– Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-o‘quv binosidagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan TMA-KU ilmiy – tadqiqot markazida.

“Atrof muhit va inson salomatligi” mutaxassisligi magistratura dasturi direktori – tibbiyot fanlari doktori, dotsent Salomova F.I.

Moderatorlar: tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Sadullaeva X.A., katta o‘qituvchi Sharipova S.A.

2 yil davomida sizlar kafedramiz mudiri, TTA Tibbiy-profilaktika fakulteti dekani, tibbiyot fanlari doktori, dotsent  Salomova F.I., Toshkent tibbiyot akademiyasining 2016 yildan buyon xorijiy hamkorlarimizdan biri va Dunyoning birinchi 100 ta OTMlari tarkibiga kirgan Janubiy Koreyaning Koryo Universiteti professorlari Je Uk Choy, Kengxi Kimlarning ma’ruzalarini tinglashingiz va sizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi.

Ta’limning 2 kursida o‘zingizning olib borgan ilmiy-tadqiqotlaringiz natijalarini Koryo Universitetida himoya qilish sharafiga muyassar bo‘lishingiz mumkin.

Shuningdek kafedramiz professor/o‘qituvchilari rahbarligi ostida magistrlik ilmiy dissertatsiyasini amalga oshirishingiz mumkin.